Germaniyada ijtimoiy ta’minot tizimi o‘zgardi: yangi qoidalar O‘zbekiston fuqarolari uchun nimani anglatadi?
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi ma’lum qilishicha, Germaniyada mehnat bozorini faollashtirish va davlat yordamini haqiqatan ehtiyojmandlarga yo‘naltirish maqsadida ijtimoiy ta’minot tizimida muhim islohotlar amalga oshirildi.
2026-yil 1-iyuldan boshlab mamlakatda amalda bo‘lgan "Bürgergeld" ijtimoiy nafaqasi o‘rniga yangi "Grundsicherungsgeld" (bazaviy ijtimoiy ta’minot) tizimi joriy etildi. Yangi tartib mehnatga layoqatli fuqarolarni imkon qadar tezroq ish bilan ta’minlashga asoslanadi.
Asosiy o‘zgarishlar nimalardan iborat?
- Tezkor ishga joylashtirish: Jobcenter'ning asosiy vazifasi endi fuqaroni turli o‘quv kurslariga yuborish emas, balki tezroq mehnat bozoriga qaytarishdir. Munosib ish taklifini asosiz rad etish nafaqani qisqartirish yoki to‘xtatishga olib keladi.
- Mulk va daromadni nazorat qilish: Ijtimoiy yordam tayinlashda fuqaroning bank hisoblari, jamg‘armalari va mol-mulki birinchi kundanoq qat’iy hisobga olinadi.
- Ota-onalar va yoshlar uchun talablar: Bola parvarishi ta’tilidan so‘ng ota-onalar ish izlash yoki til kurslarida qatnashishi shart. Bitiruvchilar va yoshlarni ham tezroq ish bilan ta’minlash choralari ko‘riladi.
Yangi qoidalar kimlarga taalluqli?
Ushbu o‘zgarishlar asosan Jobcenter orqali yordam olayotgan ishsizlar, ishlashni boshlab keyin ishsiz qolgan xorijiylarga, shuningdek, daromadi yetarli bo‘lmagan o‘zini o‘zi band qilganlarga tegishli. Barqaror daromadga ega bo‘lganlar, Blue Card egalari va qonuniy mehnat shartnomasi asosida ishlayotganlarga bu qoidalar faqat ishsiz qolgan taqdirdagina ta’sir qiladi.
O‘zbekiston fuqarolari nimalarga e'tibor berishi kerak?
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi Germaniyada ishlayotgan yoki u yerga borishni rejalashtirayotgan O‘zbekiston fuqarolariga Jobcenter xat va chaqiruvlariga o‘z vaqtida javob berishni, ish takliflarini jiddiy ko‘rib chiqishni hamda daromad haqidagi ma’lumotlarni yashirmaslikni qat’iy tavsiya qiladi.
Izohlar (1)
- Javohir31-iyl, 2026, 08:21
Ish