Toshkentda xalqaro migratsiya masalalariga bag‘ishlangan yirik forum bo‘lib o‘tdi
18–19-may kunlari poytaxtda Toshkent xalqaro migratsiya forumi bo‘lib o‘tdi. Ikki kun davom etgan forum Markaziy Osiyo, Osiyo, Yevropa, AQSh va boshqa hududlardan tashrif buyurgan qirqdan ortiq davlat vakillarini bir maydonga jamladi. Tadbirda umumiy hisobda 600 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi. Forum migratsiyaning barqaror rivojlanish va iqtisodiy barqarorlikdagi o‘rni tobora ortib borayotganini yana bir bor namoyon etdi. Xalqaro Migratsiya Tashkilotining 2026-yilgi Jahon migratsiyasi hisobotiga ko‘ra, bugungi kunda dunyo bo‘ylab 304 millionga yaqin xalqaro migrant mavjud. Shundan 168 millioni mehnat migrantlari bo‘lib, ular global mehnat bozori va iqtisodiy o‘sishga sezilarli hissa qo‘shmoqda. Forum doirasida hukumat vakillari, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, xalqaro tashkilotlar, xususiy sektor hamda fuqarolik jamiyati vakillari ishtirokida qonuniy migratsiya yo‘llarini kengaytirish, migrantlar huquqlarini himoya qilish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Forumda O‘zbekiston Respublikasi Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev, Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabina Maxl hamda Xalqaro Migratsiya Tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili Artur Erken va boshqa bir qator davlat vakillari migratsiya sohasidagi xalqaro hamkorlik, migrantlar huquqlari va mehnat mobilligini samarali boshqarish masalalariga to‘xtaldi. Forumning ikkinchi kuni demografik o‘zgarishlar va global mehnat mobilligi mavzulariga bag‘ishlandi. Yalpi majlislarda xalqaro mehnat bozori ehtiyojlariga mos kadrlar tayyorlash, migrantlar huquqlarini himoya qilish hamda mehnat migratsiyasini tartibli tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Forumda Getwork xususiy bandlik agentligi ham faol ishtirok etdi. Tashkilot xalqaro ish beruvchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, qonuniy va xavfsiz mehnat migratsiyasini rivojlantirish hamda yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha shartnomalar imzoladi.
